Yer munosabatlarida xalqaro amaliyotdagi “kadastr maydoni” tushunchasi kiritilishi mumkin
Yer munosabatlarida xalqaro amaliyotdagi “kadastr maydoni” tushunchasi kiritilishi mumkin
Iqtisodiyot
2024-08-28
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Deputatlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonun loyihasida belgilanayotgan normalar yer qa’rini geologik o‘rganish, undan samarali va mas’ullik bilan foydalanish va qayta to‘ldirish, uni zamonaviy amaliyot bilan uyg‘unlikda muhofaza qilish hamda tizimli nazoratini ta’minlashga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” prinsipi joriy etilmoqda. Shuningdek, yer qa’ridan barqaror foydalanish tamoyili kiritilib, oqilona ishlatish talablari yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyati sifatida belgilanyapti.
Bundan tashqari, noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda. Noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi belgilanmoqda.
Xalqaro amaliyotga mos ravishda “kadastr maydoni” tushunchasi kiritilmoqda. Ekologiya va atrof-muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan kon-geologiya ishlarini xalqaro standartlarda ekologiya va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiq ravishda amalga oshirish normalari takomillashtirildi.
Majlisda qayd etilganidek, o‘tgan vaqt davomida mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida undagi normalar maromiga yetkazilib, pishiq-puxta holatga keltirildi. Ishchi guruh a’zolari deputatlar tomonidan bildirilgan har bir taklifni chuqur tahlil qilib, asosli deb topilganlarini loyiha matnida aks ettirdilar.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yer osti boyliklarini mas’uliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish va ulardan foydalanish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, barqaror yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi milliy parlamentimizning quyi palatasi deputatlari tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.


