Xomilador ayol va uning farzandi o‘limi bilan yakunlangan YTXga aybdor shaxs shartli muddat bilan ozod qilingan
Xomilador ayol va uning farzandi o‘limi bilan yakunlangan YTXga aybdor shaxs shartli muddat bilan ozod qilingan
Jinoyat
2023-10-24
4 563
Joriy yilning yanvar oyida sodir bo‘lgan mazkur xolat Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida ko‘rib chiqilgan.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Nexia haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida 37 haftalik homilador ayolni urib yuborgan. U olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etgan, vafotidan avvalroq o‘g‘il farzandlik bo‘lib, u ham biroz vaqt o’tib hayotdan ko‘z yumgan.
Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 3-yanvar kuni soat taxminan 18:50 larda Nexia-3 rusumli avtomashina haydovchisi (hukm matnida ismi va familiyasi yashiringan) Yashnobod tumani, Yangiobod savdo majmuasi ro‘parasi Ohangaron shossesi bo‘ylab harakatlanayotganda to‘qnashuv sodir etgan. Sud qarorida aytilishicha, sudlanuvchi yo‘l va ob-havo sharoitlari, ko‘rish imkoniyati cheklanganligiga e’tibor bermay, 37 haftalik homilador ayol piyoda S.M.ni urib yuborgan.
Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan va olgan tan jarohatlari tufayli ertasi kuni (4-yanvar) vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayol va chaqaloqning o‘limi yopiq bosh miya shikastlanishi va bosh miyaga qon quyilishi natijasida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, ikkala o‘lim ham aynan baxtsiz hodisa tufayli kelib chiqqan.
Haydovchining aybi voqea joyidan olingan ma’lumotlar va ekspert xulosalari bilan ham isbotlangan.
Haydovchi jabrlanuvchiga yetkazilgan barcha moddiy zararni qoplaganini aytib, suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.
Marhumning onasi kuyovi va o‘g‘li xorijda ekani, shu bois sudda ishtirok etmayotganini aytdi. U sudlanuvchiga hech qanday da’vosi yo‘qligini ta’kidlab, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi.
________________________________________
Sudya Anvar Ikromov sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topdi. Va ayblanuvchiga nisbatan uch yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga, sud Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli jazo) qo‘llab, jazoni shartli jazo bilan almashtirib, uch yil sinov muddati belgiladi.
________________________________________
Sud jazoni yengillashtirishda haydovchining yoshligi (aniq yoshi, ismi-sharifi kabi yashiringan), oilaviy sharoiti, sudlanmaganligi, Damariq mahallasidan olingan ijobiy tavsifnoma, u oilada yagona boquvchi ekanligi shuningdek, sudlanuvchining aybiga iqrorligini inobatga olgan. Uning vakiliga garov sifatida to‘langan 10 million so‘m ham qaytarilgan.
Sakkiz oy davomida O‘zbekistonda 5772 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ularda 5448 kishi jarohatlangan, 1415 kishi halok bo‘lgan. Yetti oylik statistika 1115 o‘limni ko‘rsatmoqda. Kuni kecha Prezident amaldorlarga savol berib “Yo‘llarda juda ko‘p odamlar halok bo‘ladi, ijtimoiy tarmoqlarni o‘qib bo‘lmaydi. Nega faqat Prezident xavotirlanishi kerak? Nega deputatlar xavotirga tushmayapti?” deya, xolat yomon ekanligini ta’kidlagan edi.


