Tepadagi o‘zgarishlar haqida
Munosabat
2023-10-25
Kuni kecha 2022 yil avgust oyi oxiridan buyon Qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib kelayotgan Aziz Voitov lavozimidan ozod etildi.
Albatta buni o‘ziga yarasha sabablari bo‘lsa kerak. Ko‘pchilik Sardor Umurzakov Prezident administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etilganidan so‘ng u bilan birga ishlagan ko‘plab rahbarlar o‘z lavozimlarini tark eta boshlaganini yozmoqda. Ular orasida Sunnatilla Bekenov, Furqat Raximov, Olimxon Rustamov, Oybek Hamrayev va boshqalar bor.
Albatta buni saroydagi "qal’alar baxsi"ga qiyoslanishi ham tabiiy. Shunday bo‘lsada, bu yil qishloq xo‘jaligida misli ko‘rilmagan muammoli masalalar bo‘ldi. Klasterlar va fermerlar "jangi"ning hamon davom etayotgani, paxta terimiga belgilanishi kerak bo‘lgan pullar mojarosi, paxtaning bozor narhi muammolari va umuman shu paxta siyosati bu narsalarni balki yaxshi tushunmaydigan yosh kadrni o‘z domiga tortib ketdi deb o‘ylayman.
Aziz Voitov o‘zi moliya sohasidan chiqqan bo‘lib, nominal bankir edi. Uning butun mehnt faoliyatiga qaralsa, Qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lishdan oldin faqat shu bank sohasida ishlagan.
Yana shu o‘zini bilgan sohasiga qaytsa kerak. Chunki yangi formatsiyadagi qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lgan odam yer reformasi va fermerlar mustaqilligisiz bu sohada menedjer sifatida bir ish qila olishi dargumon edi.
Voitovni o‘rniga esa 2022 yilning dekabridan buyon oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimida ishlab kelgan Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi.
Abdurahmonov "Umid" jamg‘armasidan chiqqan odam. 2001 yil AQSH dagi Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universitetini tamomlagan. Biologiya sohasida olim, texnokrat. Eng qizig‘i paxta bo‘yicha 2013 yilda ICAC tomonidan yil tadqiqotchisi bo‘lgan.
Bu odam nima qilib Qishloq xo‘jaligini emas Oliy ta’limni boshqarib yurgani ko‘pchilikka qorong‘u. Uning davrida xususiy universitetlarga litsenziya berilib, keyin ular o‘ziga talabalarni qabul qilib, o‘qishlar boshlanib bo‘lganda litsenziyalari turli sabablar bilan qaytarib olinib, bu boradagi sudlashuvlar haliyam davom etmoqda.
Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi odami. Profil ta’limi ham shu sohada. U endi o‘z o‘rniga tushdi va faoliyatiga bahoni bug‘doy sezon davridayoq berish mumkin bo‘ladi. (Yer islohotlari? Bu unga bog‘liqmas nazarimda)
Kuzatishda davom etamiz.
Nurbek Alimov


