"Suv tekin" degan ibora bizni yillar davomida o‘ta og‘ir ahvolga solib qo‘ydi
Dunyo
2023-10-06
633
Fayzbog‘ telegram kanali "Suvchilar maktabi" natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisining kommunal va ichimlik suviga talabi 2 barobarga ortadi. Shuning o‘zi ham kelajakda ichimlik suvi qanchalik tanqislikka uchrashini ko‘rsatib bersa kerak.
Yana bir ma'lumot. Bilasiz, Yer sharining 3/2 qismi suv bilan qoplangan va shundan 3 foizigina chuchuk suv xolos, qolgan 97% sho‘r suv hisoblanadi. Ana shu 3%ning atigi 1 foizi daryo va ko‘l suvlari, 20 foizi Yer osti suvlari bo‘lsa, qolgan 79% abadiy muzliklardir. Jahon suv resurslari institutiga ko‘ra, O‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha dunyoda 25-o‘rinda turadi. Juda hayratlanarli va shu bilan birga qo‘rqinchli statistika.
Oxirgi vaqtlarda suvni isrof qilmaslik haqidagi gaplar bot bot yangrashi ham bekorgamas. "Suv tekin" degan ibora bizni yillar davomida o‘ta og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Bundan keyin har bir tomchi suvdan oqilona foydalanish, ichimlik/kommunal hamda qishloq ekinlarini sug‘orish uchun ishlatiladigan suvga qat'iy balans o‘rnatilishi lozim.
Aynan shu maqsadda Davlat rahbarining tashabbusi bilan Agrobank, Suv xo‘jaligi vazirligi, “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamkorlikda “Suvchilar maktabi” tashkil etilgan edi. Maktab erishgan dastlabki natijalarini ma'lum qilish uchun o‘tgan hafta yakunida matbuot anjumani va press-tur o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, 1-bosqichda "Suvchilar maktabi" respublikaning 154 ta tumanini qamrab oldi, jumladan 60 mingdan ziyod suvchi va fermerni suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha bilim va tajribalarini oshirdi. Maktab o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda fermerlarni suv borasida qiynayotgan masalalar inobatga olindi, bunda Turkiya, Ispaniya va Xitoy tajribasini joriy qilishga e'tibor qaratildi. Hozirda kurslarga 50 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari (sh.j., 15 nafar turkiyalik, 2 nafar ispaniyalik) jalb qilingan.
Bizga tushuntirilishicha, kelajakda O‘zbekistonda ham, boshqa qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlar singari, suvni tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Qishloq xo‘jaligida suvning kerakli joyga maqsadli yo‘naltirish orqali uni yaxshigina tejashimiz va kelajak avlod uchun stabil suv zaxirasini qoldirishga erishishimiz mumkin.


