Senator Anvar To‘ychiyev boshchiligidagi mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida o‘rganishlar olib bordi
Senator Anvar To‘ychiyev boshchiligidagi mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida o‘rganishlar olib bordi
Dunyo
2023-10-21
472
Hududda o‘tkazilgan parlament nazorati doirasida ijobiy natijalar bilan birga qator kamchiliklar ham mavjud ekanligi aniqlandi.
Oliy Majlis Senati aʼzolari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining samarali ijro etilishi hamda ijtimoiy soha obyektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan parlament nazoratini olib bormoqda.
Xususan, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar To‘ychiyev boshchiligidagi mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida o‘rganishlar olib bordi, aholi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida Qarshi shahri, Qarshi, Kasbi, G‘uzor va Qamashi tumanlarida Prezident, Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi, ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatlariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash joiz, Qashqadaryo viloyatida 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 41 trln 646 mlrd so‘mni, o‘sish surʼati 4,5 foizni tashkil qildi. YAHM tarkibida sanoatning ulushi 26 foizni, qishloq xo‘jaligi ulushi 36 foizni, xizmat ko‘rsatish ulushi 38,5 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning 9 oyida sanoat ishlab chiqarish 7,0 foizga, qurilish - pudrat ishlari 9,0 foizga, qishloq xo‘jaligi3,6 foizga, xizmat ko‘rsatish 9,4 foizga, chakana savdo 5,6 foizga o‘sgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida joriy yilgi Dasturga asosan 2 551 ta yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.
Ishchi guruhning o‘rganishlari davomida viloyatda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim kamchiliklar ham mavjud ekanligi aniqlandi.
Jumladan, Qarshi shahrining “Istiqlol” MFYda joylashgan 28-son maktabgacha taʼlim tashkilotini taʼmirlash ishlari o‘z muddatida boshlanganmagan. Bugungi kunda, obyektda 46 % ishlar bajarilgan xolos.
“Shodlik” MFY hududida 54 ta ko‘p qavatli uylarning ichki isitish tizimlari holati o‘rganilganda, ushbu ko‘p qavatli uylardagi yotiq va tik quvurlar hamda xonadon ichidagi issiqlik taʼminoti qurilmalari (batareya) yaroqsiz holga kelib qolgan yoki umuman mavjud emasligi aniqlandi.
Qarshi tumanida Hukumatning 2020-yil 27-avgustdagi 519-sonli Qaroriga muvofiq, Qarshi tumanidagi “Mevazor” MFYda 10 ta 5 qavatli bir yo‘lakli uylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, xozirgi kunda 7 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilgan. Qolgan 3 ta ko‘p qavatli uylarda ham qurilish ishlari davom etmoqda.
Kasbi tumani “Oqjangal” MFY 180 o‘rinli MTTning qurilish ishlari kech boshlangani sababli bajarilgan ish hajmi 60 foizni tashkil etmoqda. Qurilish ishlarini yakunlash uchun barcha resurslarni jalb etish va obyektni belgilangan muddatda topshirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan ko‘rsatmalar berildi.
G‘uzor tumani ko‘p tarmoqli tibbiyot maskanida esa kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirildi. Issiqlik taʼminotini o‘z vaqtida yetkazilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar billdirildi.
Shuningdek, Qamashi tumanidagi o‘rganishlar davomida esa ijtimoiy obyektlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, tumandagi “Qorasuv” MFY 72-sonli maktab holati kuz-qishga tayyor holatga keltirilgan.
O‘rganishlar natijalarini Oliy Majlis Senatida muhokama qilish rejalashtirilgan.


