Oziq-ovqat xavfsizligi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan

Oziq-ovqat xavfsizligi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan

Munosabat

2023-10-16

589

Deputat Ravshan Mamutov oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga to‘xtaldi.

Mamlakat o‘z aholisining kundalik iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondira olishi kerak. Bu hozirgi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy shartlaridan sanaladi. Buni har bir davlat o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda — kimdir mahalliy ishlab chiqarish, kimdir import hisobiga amalga oshirishga intilmoqda.

O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan eng katta yutuqlaridan biri qishloq xo‘jaligini tubdan rivojlantirish hisobiga 36 milliondan ziyod aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash barobarida, eksport ko‘lamini ham oshirib borayotganida, deyishimiz mumkin.

Hozirgi vaqtda yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyoning 60 dan ziyod mamlakatiga eksport qilinayotgani buning isboti. Birgina meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi oxirgi yetti yilda qariyb 2 barobarga oshgan. O‘tgan davrda sohaga oid qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ular asosida izchil chora-tadbirlar, yangi va zamonaviy yondashuvlar amalga oshirilyapti. Buning amaliy natijalarini esa O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi global indeksi reytingidagi o‘rni ko‘tarilib borayotganida yaqqol ko‘rish mumkin.

Albatta, o‘sayotgan ko‘rsatkichlar sohadagi katta islohotlar, ajratilayotgan mablag‘lar, tarmoq vakillariga berilayotgan qator imtiyoz va imkoniyatlar mahsuli. Chunki oziq-ovqat xavfsizligi dunyoning aksariyat davlatlari qatori bizda ham ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, soha boshqaruvida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biz ko‘p tilga olayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash global muammo ekan, uning yechimi ham dunyo xalqlaridan birgalikda, o‘zaro hamkorlikda ish olib borishni talab etadi. Boisi, aksariyat davlatlar bu masalada bir-biriga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, davlatimiz rahbari turli xalqaro darajadagi forum va sammitlarda ushbu masalaga doir ilg‘or tashabbuslarni ilgari surib keladi. Ayniqsa, bu masalada MDH davlatlarining yanada yakdillikda harakat qilishi, yangi loyihalarni amalga oshirishi zarurati ortib bormoqda.

Shu yilning 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Prezidentimiz ayni shu masalaga e’tibor qaratib, o‘z nutqida manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, oziq-ovqat sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash taklif qilindi. O‘zbekiston yetakchisi hududlararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi.

Harakatlar aniq natijaga yo‘naltirilgan

Jahonda geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq tebranishlar jiddiy tus olib, oziq-ovqat xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlar tobora ortayotgani shunchaki vahimali gaplar emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizda 2,3 milliard odam oziq-ovqat xavfsizligi mo‘tadil yoki o‘tkir mavjud bo‘lmagan sharoitda yashamoqda. Bunda nafaqat ochlik va suvsizlik, balki mavjud oziq-ovqat mahsulotlarining sifatsiz va iste’molga yaroqsiz ekani ham nazarda tutiladi. Ushbu insonlarning 556 million nafari yoki 25 foizi esa Osiyo qit’asida yashaydi.

Muammoning asosiy yechimlaridan biri, albatta, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yer maydonlaridan unumli foydalanish, yerdan olinadigan hosildorlikni oshirib borish orqali aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat. Mamlakatimiz geografik joylashuvi va iqlimi jihatidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga qulay, agrar tarmoqqa iqtisoslashgan, tuprog‘imiz unumdorligi uchun bu borada xavotirimiz kam. Biroq hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ayniqsa, tabiiy ne’matlar abadiy emasligi, suv taqchilligi muammosi dunyo xalqlari qatori bizga ham xavf solayotgan bir sharoitda mavjud imkoniyatlarimizdan eng yuqori darajada foydalanishimiz zarur.

Shu bois, agrar tarmoqni rivojlantirish, unga ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish asosiy vazifalarimizdan biriga aylangan. So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasi ulkan o‘zgarishlarga yuz tutdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish va unumdorligini oshirish, foydalanishga yaroqsiz ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlar olib borish orqali qayta foydalanishga kiritish, lalmi yerlarni o‘zlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratilyapti.

Ozuqabop mahsulotlar yetishtirish, agrar sohada aholi bandligini ta’minlash uchun o‘tgan davrda 200 ming gektar yer ajratilgani hamda 500 ming gektar qo‘shimcha yerlar foydalanishga kiritilgani ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida yerga, mehnatga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Endi, qishloq xo‘jaligi zamonaviy tarmoqqa, unda ish yuritayotganlar esa ishbilarmon dehqon va fermer, agrar tadbirkorga aylandi. Sohadan daromad olish ko‘rsatkichlari ham ancha yuqori.

Davlatimiz rahbari har bir chiqishida qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridan samarali va maqsadli foydalanish, agrar sohada aholining bandligi va daromad topishini qo‘llab-quvvatlash masalalariga aholida to‘xtaladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil 5-6 sentyabr kunlari Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarining barqarorligini mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash hamda sohani innovatsion rivojlantirish va agrosanoat kompleksini raqamlashtirish masalalariga qaratilgan xalqaro konferensiyaning bo‘lib o‘tgani ham mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini dunyo miqyosida ta’minlashga bo‘lgan xayrixohligidan dalolat beradi. Diyorimizda ilk bor o‘tkazilgan mazkur nufuzli xalqaro konferensiyada 2,3 mingdan ziyod xorijiy ekspert va mutaxassislar, 30 dan ziyod davlatdan yirik tashkilotlar vakillari ishtirok etgani anjumanning ahamiyatini yaqqolroq ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham agrar sohani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida qator maqsad-vazifalar belgilangan. Xususan, bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga, qishloq xo‘jaligi sohasida eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish hamda agrar sohaga jami 15 milliard dollar investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Gap shundaki, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 30 foizini tashkil etadi. Agrar tarmoqda 4 millionga yaqin ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, yurtdoshlarimizning yarmi qishloq joylarda istiqomat qilishini inobatga olsak, soha rivoji yo‘lidagi amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatga daxldor muhim voqelik sifatida baholanishi lozim.

Birgina misol, bundan 5-6 yil ilgari fuqarolarga yer berilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaganmiz. 2021 yilda esa paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimi yaratildi. Suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar yer maydoni dehqon xo‘jaligi tashkil etish orqali sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 30 yilga ijaraga berilmoqda.

Endi mamlakatimizda qo‘shimcha 300 ming gektar yer maydonini zamonaviy suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash orqali o‘zlashtirish va mazkur yerlarda ozuqabop, dorivor, moyli, dukkakli, sholi, g‘alla, sabzavot, poliz ekinlari ekish, intensiv bog‘ va uzumzorlar tashkil etish maqsad qilinmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ko‘rsatkichining 25 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash maqsadida yurtimiz hududlarida 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi agrologistika markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ularning eksport salohiyatini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq ishlar amalga oshirilyapti. Yer maydonlari ijara huquqini garovga qo‘yish mexanizmini joriy qilish bo‘yicha ham rejalar belgilanmoqda. Albatta, bu borada amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlashimiz zarur.

Umuman, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar tarmoqni rivojlantirish doimiy davom etadigan jarayon bo‘lib, muttasil yangilanishlar, muhim hamda zaruriy qarorlarni o‘z vaqtida qabul qilishni taqazo etadi. Bu borada belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda esa oldimizda muhim vazifalar turibdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning kafolatli huquqlarini ta’minlash borasida qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirishimiz zarur. Sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega.

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Create a free website with Framer, the website builder loved by startups, designers and agencies.