O‘zbekistonda yuzaga kelayotgan suv muammosiga qarshi nimalar qila olamiz?
Ekologiya
2023-10-12
856
“O‘zsuvta'minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov muhim tavsiyalar bilan bo‘lishdi.
Suvni tejab ishlatishni o‘rganmas ekanmiz, bu ketishda yaqin kelajakda xavotirli oqibatlarga duch kelishimiz turgan gap. O‘zbekiston, birinchi navbatda, suv resurslari taqchilligi muammosiga duch kelyapti.
Global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi 50-60 yil davomida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib chuchuk suv tanqisligi mintaqada yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.
Global iqlim o‘zgarishi, O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi, milliy iqtisodiyot turli tarmoqlarining jadal rivojlanishi va ularning suvga bo‘lgan talabining o‘sishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga ortib bormoqda. O‘zbekistonda mavjud chuchuk suv hajmining qisqarishi tufayli suv tanqisligi va qurg‘oqchilik xavfi sezilarli darajada oshmoqda.
Bugungi kunda suv tariflarini shakllantirishda bozor munosabatlariga o‘tish muammosi juda dolzarbdir.
Bozor – odamlarning suvni tejashiga turtki beruvchi eng kuchli motivasiya bo‘la oladi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, aholining suvdan oqilona foydalanishi ko‘p jihatdan har bir iste'molchining to‘lovlarni kamaytirishdan shaxsiy manfaatdorligiga bog‘liq. Birgina 2023 yil boshidan buyon suv ta'minoti bo‘yicha qoidabuzarlik holatlaridan yetkazilgan zarar 67,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
– tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish. Bu usul yordamida suv sarfi keskin kamayishi, mehnat unumdorligi, hosildorlik, moliyaviy foyda bir necha barobar ortishi allaqachon isbotlangan.
– ekin maydonlaridagi mavjud sug‘orish-drenaj tarmoqlari ustidan qat'iy monitoring olib borish;
– sug‘orish maydonlari uchun suv olish limitlarini belgilash;
– suv omborlaridagi resurslardan foydalanishni to‘liq nazoratga olish.
Markaziy Osiyoda ichimlik suv uchun to‘lov narxi eng yuqori mamlakat Qozog‘iston hisoblanadi. Mamlakatda suv tariflari hududlarga qarab aholiga 1 m3 suv uchun 73 tengedan (1 905 so‘m) 304 tengegacha (7 934 so‘m) belgilangan. Dunyodagi eng qimmat tariflar Yevropada. Xususan, Norvegiyada 5,51 yevro (71 ming.so‘m), Germaniyada 4,67 yevro (60 ming.so‘m), Daniyada 4,43 yevro (57 ming.so‘m) va Niderlandiyada 3,99 yevro (51 ming.so‘m).


