O‘zbekiston-Belarus hamkorlik aloqalari muhokama qilindi
Munosabat
2024-08-27
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus Milliy Majlisi (parlamenti) Respublika Kengashi (yuqori palatasi) raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ortayotgani, sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, hududlararo ishbilarmonlik aloqalari kuchayayotgani, madaniy-gumanitar dastur doirasidagi tadbirlar muntazam o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Shu kunlarda ikki davlat parlamentlarlari o‘rtasida Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan qo‘shma tadbirlar, jumladan, Oliy Majlisdagi uchrashuvlar va Ikkinchi ayollar biznes forumining samarali natijalari yuksak baholandi.
O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasida savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.


