Mamlakatimizning ayrim hududlarida paralimpiya sport turlari bo‘yicha kadr va murabbiylar yetishmovchiligi mavjud
Mamlakatimizning ayrim hududlarida paralimpiya sport turlari bo‘yicha kadr va murabbiylar yetishmovchiligi mavjud
Qonunchilik
2023-11-20
456
Shu va boshqa kamchiliklar yuzasidan Yoshlar siyosati va sport vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
Mamlakatimizda keyingi yillarda aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning muntazam sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlarini bosqichma-bosqich tashkil etish, iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Paralimpiya sport turlarini har tomonlama rivojlantirish va ommalashtirish, ushbu sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, sport ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish maqsadida salmoqli ishlar qilindi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida sohaga doir bir qator Prezident farmon va qarorlari qabul qilinib, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan aniq dasturlar amaliyotga joriy etilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2022 ‒ 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturlarida sohada davlat siyosatini amalga oshirishning maqsadlari, vazifalari va uzoq muddatli rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Mazkur dasturlarda ko‘rsatilgan maqsadlar hamda vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida, shuningdek o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari davomida sohada bir qator kamchiliklar borligi aniqlandi.
Jumladan, chekka hududlarda joylashgan mahallalarda imkoniyati cheklangan insonlarni sport va jismoniy tarbiyaga keng jalb etish borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan. Masalan, mahallalarda “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish borasidagi ishlar samarali olib borilmayapti.
Shuningdek, paralimpiya sport turlari bo‘yicha kadrlar, murabbiylar yetishmovchiligini bartaraf etish hamda sport inshootlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik yaratish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilanmasdan qolmoqda.
Misol uchun, Samarqand viloyatining Urgut tumanida imkoniyati cheklangan yoshlar soni 3000 nafarga yaqin bo‘lsa-da, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida hududda ularni sport turlariga tayyorlash bo‘yicha maxsus murabbiylar yo‘qligi, shuningdek mavjud sport infratuzilmasining talab darajasida emasligi va zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlanmagani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, saylovchilardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili respublikamizning aksariyat hududlarida ham oliy ma’lumotli murabbiylarga ehtiyoj mavjudligini, ayrim umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarlicha sharoit yaratilmaganini, yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisda shundan kelib chiqib, Yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikramovga “Aholining keng qatlamlari, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sport va jismoniy tarbiya bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qarori qabul qilindi.


