Mahalliy yo’ldosh aloqa tarmoqlari uchun davlat boji kamaytiriladi
Qonunchilik
2023-10-25
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida olis hududlarda internet va aloqa qamrovini oshirish uchun sharoitlarni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Respublikada yo‘ldosh aloqa tarmoqlarining jadal sur’atlarda rivojlanib borishi, mazkur sohada yangi texnologiyalarning joriy etilishi olis va chekka hududlarni internet hamda aloqa qamrovi bilan ta’minlash bo‘yicha yangi texnologik imkoniyatlarni yaratmoqda.
Mamlakatimizda bugungi kunda mahalliy yo‘ldosh aloqa tarmog‘ining lozim darajada qo‘yilmagani natijasida respublikaning tog‘li va olis hududlarida internet va aloqa qamrovini ta’minlashda bir qator qiyinchiliklar vujudga kelyapti. Bu esa mavjud aloqaning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu aloqa tarmog‘i uchun qonunchilikka asosan xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlari uchun mo‘ljallangan davlat boji uchun belgilangan katta miqdorda davlat boji to‘lanishi zarurligi olib borilayotgan islohotlarning keyingi rivojiga to‘siq bo‘lmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan mazkur to‘siqlarni chetlab o‘tgan holda, mahalliy yo‘ldosh aloqa tarmog‘ini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va xizmatlar ko‘rsatish uchun mavjud davlat bojlarini kamaytirish orqali mahalliy yo‘ldosh aloqa turlarini ko‘paytirish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida taklif etilayotgan normalar mahalliy yo‘ldosh aloqaning yanada rivojlanishiga va tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar vujudga kelishiga, ularning yo‘ldosh aloqa tarmog‘ini qurish uchun zarur xarajatlari kamayishiga xizmat qiladi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi orqali O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviy yo‘ldosh aloqa tizimlaridan foydalanish uchun ruxsat berish tartibi belgilanadi. Respublikamiz hududiga yo‘ldosh aloqa tizimlari uskuna va terminallarni qonuniy asosda olib kirish va foydalanishga imkoniyat yaratilib, yo‘ldosh aloqa tizimlarini qonuniy asosda tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlariga ulanish masalalari huquqiy yechimini topadi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha qator savollar ko‘tarildi. Qonun tashabbuskorlari berilgan takliflar va savollarga asosli tushuntirishlar berdilar.
Qizg‘in davom etgan savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.


