Konstitusiyadagi yangi normalar qonunchilikda aks ettiriladi
Dunyo
2023-10-11
625
Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar 3 barobarga ko‘paygan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalarini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendum yakunlari bo‘yicha yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqni tashkil etdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishiga oid normalarning kiritilishi orqali inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy kafolatlar yaratildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi bu kabi yangi normalarni amaldagi qonunlarimizda aks ettirish zarurati yuqoridagi qonun loyihasini ishlab chiqishni taqozo etdi.
Mazkur hujjat bilan “Normativ huquqiy-hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8- va 18-moddalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda:
- Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishini doimiy ta’minlab borish;
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga oid normalarni amaldagi qonunchilikka kiritish kabilar shular jumlasidan.
Qonun loyihasining qabul qilinishi inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etilishi hamda jamiyatda qonunlarga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.


