Jarima maydonchalari faoliyatini tubdan isloh qilish zarur

Jarima maydonchalari faoliyatini tubdan isloh qilish zarur

Qonunchilik

2023-10-27

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qo’mitasi tomonidan holat atroflicha o’rganildi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “jarima maydonchalari” faoliyatini kompleks tarzda qayta tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida, quyi palataga kelib tushgan murojaatlarda qonun hujjatlari buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash faoliyati, ya’ni jarima maydonchalari bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjudligi kuzatildi.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari misolida joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Mazkur jarayonda aksariyat jarima maydonchalarida ushlangan transport vositalarini saqlaganlik uchun plastik kartochkalardan to‘lovlarni qabul qiladigan hisob-kitob terminali hamda fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinasi yo‘qligi, mavjud bo‘lganlarida ham ulardan deyarli foydalanilmasligi aniqlandi.

Shu bilan birga, jarima maydonchalarida ushlangan transport vositalarini saqlash bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun turli miqdordagi to‘lovlar undirilgan. Ushbu to‘lovlarning aniq miqdorlari esa belgilanmagan.

Yana bir holat, ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylaridan olib chiqishga ruxsatnomani olishda ham ayrim qiyinchiliklar mavjud. Bu kabi qayd etilgan muammolar mavjudligi transport egalarining haqli e’tirozlariga, shu bilan birgalikda qator ovoragarchilik va noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi nazorat-tahlil tadbirida aniqlangan kamchiliklar, sohaga oid qonunchilik hujjatlarini o‘rganish, statistik ma’lumotlarni, shuningdek saylovchilar bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilish asosida “jarima maydonchalari” faoliyatini tubdan o‘zgartirish zaruriyati mavjud degan xulosaga kelgan.

Shundan kelib chiqib, qo‘mita taklifi bilan “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari A. Ramatovga Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan va unga javob olingan.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilishicha, mamlakatimizda haqiqatdan ham jarima maydonchalarining faoliyatiga doir tizimli muammolar borligi, ularni o‘rganish yuzasidan vazirlik va idoralar mas’ullaridan iborat Ishchi guruhi tuzilgan holda respublikada mavjud jami 295 ta jarima maydonchasi holati o‘rganilgan hamda ularda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan.

Xususan, ularning 93 tasining hududi o‘ralmagani, 173 tasining hududlari asfalt bilan qoplanmagani, 41 tasida tungi yoritish moslamalari, 54 tasida yong‘inga qarshi vositalar va 106 tasida evakuatorlar mavjud emasligi kabi qator kamchiliklar qayd etilgan.

Mazkur masala Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining doimiy nazoratida bo‘lganligi bois, yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan mas’ullarning axboroti atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarning huquqiy jihatdan yechimini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 358-sonli Qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.

Shuningdek, ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish manfaatdor vazirlik va idoralarga integratsiyalashgan “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Jarima maydonchasi” axborot tizimining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

— transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risidagi qaror ushbu axborot tizimi orqali elektron shaklda chiqarilishini yo‘lga qo‘yish;

— ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transport vositalarining ro‘yxatini yuritish;

— transport vositalarini to‘xtash joylaridan olib chiqish uchun barcha to‘lovlarni (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) elektron shaklda amalga oshirish;

— ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylaridan olib chiqishga ruxsatnomani saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga elektron shaklda taqdim etish.

Yig‘ilishda deputatlar jarima maydonchalarini tashkil etish belgilangan talablarga javob beradigan darajada bo‘lishini ta’minlash ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdi, ular tomonidan vazirlik va idoralar vakillariga bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir yakunida Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan mazkur soha parlamentning doimiy nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi va tegishli qaror qabul qilindi.

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Create a free website with Framer, the website builder loved by startups, designers and agencies.