Ishchi guruh Suv kodeksi loyihasi ustida ishlamoqda
Dunyo
2024-08-28
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Suv kodeksi loyihasini maromiga yetkazish ishlari davom etyapti. Bunga mas’ul – quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi.
Kodeks loyihasida, Parlament axborot markazi xabarida keltirilishicha, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ekotizimni suv bilan barqaror ta’minlash, suvni ifloslanish, bulg‘alanish va kamayib ketishidan muhofaza qilishda zamonaviy usullarni qo‘llashga qaratilgan normalar o‘z aksini topyapti.
Sohada suv tejash texnologiyalarini joriy etishda bozor mexanizmlari va raqobat muhitini yaratishga qaratilgan normalarni takomillashtirish ham nazarda tutilgan.
Ishchi guruh yig‘ilishida suv munosabatlarini huquqiy tartibga solish, suvdan foydalanishda fuqarolar mas’uliyatini belgilash, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilari o‘rtasidagi munosabatlarda shaffoflikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atrof-muhit uchun suvdan foydalanishning ekologik xavfsiz darajasiga erishish hamda uni saqlash, suv resurslarini iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda oqilona boshqarish va ularning hisobotini yuritish masalalari ham Kodeks loyihasida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Kodeksni amalda qo‘llashda o‘zaro nomuvofiqliklarning oldini olish maqsadida unda keltirilgan asosiy tushunchalar soddalashtirildi, xalqaro huquq normalari bilan uyg‘unlashtirildi.
Ishchi guruh yig‘ilishida loyihada transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan suv resurslarini birgalikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlari va suvdan samarali foydalanish dasturlarini ishlab chiqishga qaratilgan aniq normalarni belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


