Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga bagʻishlangan milliy haftalik boshlanmoqda
Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga bagʻishlangan milliy haftalik boshlanmoqda
Dunyo
2025-11-28
109
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi farmoniga muvofiq, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida joriy yilning 1-5-dekabr kunlari Toshkent shahrida Fuqarolik jamiyati haftaligi o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbir mamlakatda fuqarolik jamiyati sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini tahlil qilish, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ishlab chiqishga qaratilgan muhim muloqot maydoni sifatida o‘z ahamiyatiga ega. Haftalik dastlab respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilib, hozir respublika bosqichida davom etmoqda. Haftalik doirasida quyidagi asosiy tadbirlar rejalashtirilgan:
Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy forumi;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi;
Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv va muloqotlar;
“2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” natijalari va 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini muhokama qilish;
3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan xayriya aksiyasi;
“Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti va eng faol davlat organini taqdirlash marosimi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining muhim tashabbuslarini moliyalashtirish maqsadida maxsus loyihalar aksiyasi o‘tkaziladi. Bu aksiya doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni qamrovini kengaytirish va ularni amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilinadi. Fuqarolik jamiyati haftaligi davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida samarali muloqot mexanizmlarini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining ehtiyojlarini tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi.
Haftalikda parlament a’zolari, davlat idoralari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xorijiy ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etadi. Fuqarolik jamiyati haftaligi bilan bog‘liq batafsil ma’lumotlar www.fuqarolikjamiyati.uz maxsus saytida e’lon qilinadi. Ushbu tadbir davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va mamlakat rivojiga qo‘shilayotgan hissani oshirishga xizmat qiladi.


