Emmanuel Makron O’zbekistonga keladi
Munosabat
2023-10-26
Fransiya prezidenti Qozog‘iston safaridan so‘ng 2 noyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Yelisey saroyiga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.
“Fransiya bu ikki davlatni islohotlar va modernizatsiya yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga, xalqaro munosabatlarni diversifikatsiya qilishga hissa qo‘shishga, ularning mustaqilligi va suverenitetini, shuningdek, Yevropa bilan munosabatlarni mustahkamlash niyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — deyiladi Fransiya rahbarining ma'muriyati bayonotida.
Yelisey saroyi Fransiyaning Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan yaqinlashishidan maqsad “iqtisodiy, xususan energetika sohasida, muhim materiallar yetkazib berish, transport, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va mudofaa sohalarida hamkorlik qilish” ekanini ta’kidladi.
Makron Yaqin Sharqqa safaridan so’ng chorshanba kuni Fransiyaga qaytgan edi.
Fransiya prezidenti Isroilga tashrifi davomida mamlakat prezidenti Isaak Gertsog va Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi, shuningdek, Ramallohga tashrif buyurib, Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan muzokaralar o'tkazdi.
Safarning so‘nggi kunida u Ammanda Iordaniya qiroli Abdulla II, so‘ngra Qohirada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.


