DXX 9 kg narkotik moddasini musodara qildi
Respublikaning 3 ta viloyatida narkosavdogarlar qo‘lga olindi
Jinoyat
2023-10-26
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, 3 ta viloyatdan jami 9 kg giyohvandlik moddalari agniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Xazorasp tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, uning salonida jami 6 bo‘lakda 3 kg 982 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxs Tojikistondan keltirilgan ushbu ajal og‘usini Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi 2 nafar fuqarodan olganligi ma’lum bo‘ldi.
Xazorasp tumanidagi mehmonxonaning ular joylashgan xonasidan sotish uchun mo‘ljallangan 1 kg 952 g “opiy” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Buxoro viloyatida qayd etilgan holatda esa G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1973 va 1975 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro Buxoro shahrida 1 kg 224 gr “opiy” moddasini 50 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bo‘ka tumani hududida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro yonida 1 kg 913 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu ajal og‘usi tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatiga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


