"...buni hech qachon bizni xalqimiz esidan chiqarmaydi", — Mavlaviy Sharofiddin
O‘zbekiston zilziladan jabr chekkan Afg‘onistonga 100 tonna insonparvarlik yordami yubordi
Siyosat
2023-10-10
488
Kun.uz xabar berishicha, yuborilgan yordam tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar; chodir va odeyallar, shuningdek birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor.
Insonparvarlik yordami O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘oniston hukumati tomonidan tuzilgan zilzila oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha komissiya raisi Mavlaviy Sharofiddin Muslim, rais o‘rinbosari Ahmadullo Muttaqiy hamda Transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri o‘rinbosari Abdul Sattor Gurvollar kutib oldi.
“O‘zbekiston – bizga har doim birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zib kelgan birodar mamlakat. Men o‘zim bir necha bor mamlakatingizdan keladigan ko‘makni qabul qilib, jabr ko‘rgan xalqimiz o‘rtasida taqsimlashda ishtirok etganman. Biz Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati va xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqiga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz. Sizlar eng yaxshi qo‘shnimiz sifatida Alloh yuborgan og‘ir sinov kunlarida har doim yonimizda turasiz. Buni hech qachon bizni xalqimiz esidan chiqarmaydi”, - deydi Mavlaviy Sharofiddin.
Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni Afg‘onistonning g‘arbiy qismida 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi.


