Botanika va dendrologiya bog‘larini muhofaza qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi
Botanika va dendrologiya bog‘larini muhofaza qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi
Qonunchilik
2023-10-19
482
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Fanlar Akademiyasi olimlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlar uyg‘un muvozanatda rivojlanishini ta’minlash, ekologiya tizimlari va tabiat komplekslarini muhofaza qilish, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini kafolatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim qulay atrof-muhitga ega bo‘lishi hamda davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, mamlakatimizda sohaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaratildi va doimiy takomillashtirilib borilmoqda. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunlar ham shular jumlasidandir. Mazkur hujjatlar bilan tabiiy muhit sharoitlarini saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslari belgilab berilgan.
Qayd etilganidek, Toshkent Botanika bog‘i Markaziy Osiyodagi birinchi tashkil etilgan ilmiy markaz bo‘lib, 100 yildan ortiq tarixga ega ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Bog‘ning ilmiy kolleksiyalarida 2450 dan ortiq o‘simlik turlari, shuningdek O‘zbekistonda milliy qizil kitobga kiritilgan 40 dan ortiq noyob va endem turlari saqlab kelinmoqda.
Toshkent Botanika bog‘ining mahalliy genofondni saqlash va xalqaro xamkorlik aloqalarining saviyasi alohida e’tirof etilib, 2022 yilda nufuzli xalqaro Botanic Gardens Conservation International (BGCI | Botanic Gardens Conservation International) tashkilotiga a’zolikka qabul qilingan. Botanika bog‘ining 43,5 gektar maydonni egallagan dendroparkining yuqori ilmiy va ekologik ahamiyati dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridagi 2300 ta dendrariylar va arboretumlarning faoliyatiga ilmiy va amaliy ko‘mak beradigan nufuzli ArbNet dasturi a’zoligiga qabul qilingan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi Amir Temur nomidagi Botanika bog‘i ham Orolbo‘yi mintaqasining ekologik holatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu bog‘ning ilmiy va amaliy salohiyati asosida “My garden in the Aral sea” loyihasi doirasida Muynoq tumanida 1000 dan ortiq assortimentdagi o‘simliklar yetishtirilmoqda.
Muhokamalarda botanika bog‘lari va dendrologiya bog‘larining faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, tashkiliy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalarida muayyan muammolar mavjud ekanligi ma’lum qilindi. Ularning faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish borasida fikrlar bildirildi.
Soha mutaxassislari, olimlar tomonidan Toshkent Botanika bog‘ining huquqiy maqomini mustahkamlash yuzasidan qonunchilikka takliflar berildi, bog‘lardagi ko‘p yillik daraxt va butalarni asrab qolish choralarini amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


