Bank huquq va vakolatlari tadbirkornikiga nisbatan ancha ko‘p – Prezident
Iqtisodiyot
2024-08-23
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot paytida banklar bilan biznes vakillari munosabatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qiladi. Biroq amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkornikiga nisbatan ancha ko‘proq.
Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qo‘yilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi. Masalan, Prezidentning aytishicha, 3-4 yil oldin kredit olinganda 100 million so‘mga baholangan mulkning bugungi narxi 30-40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib eski qiymatida sotish mumkin?
– To‘g‘ri, muammoli kredit bilan qattiq shug‘ullanish kerak, lekin bu tadbirkorni “tugatish” hisobidan bo‘lmasligi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Garovdagi mulkni savdoga chiqarishdan oldin uning hozirgi bozor qiymati aniqlanadigan, qaytmagan qarzdorlik garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lsa undiruv mulkka qaratilmaydigan tizim yaratilishi ma’lum qilindi. Bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradigan bo‘ladi.


