"Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroqni yoqmang, darhol xonani shamollating!" - FVV
"Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroqni yoqmang, darhol xonani shamollating!" - FVV
Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini ogohlantirdi
Jamiyat
2023-10-16
358
FVV axborot xizmati yozishicha, qish yaqinlashib havo sovishi nastijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi.
Ushbu moslamalardan foydalanishda e'tiborsizlik tufayli is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yong‘inlar sodir bo‘lishi mumkin.
Shu bois, FVV quyidagi ko'rsatmalarga rioya qilishni so'radi:
tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmaslikni;
elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalanishni;
isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va ular dudburonlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini ko‘zdan kechirishni va dudburon orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qaratishni;
isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishishni;
nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmaslikni, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasidan foydalanishni;
isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormaslikni;
gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmaslikni;
gaz ta'minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil etishni;
gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qilishni;
yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmaslikni;
gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalanishni va ularning doimiy sozligiga e'tibor berishni.
Agar xonada gaz hidini sezilsa, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmaslik, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘rish kerakligi aytildi.
Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” yoki “1050” telefon raqamiga xabar berish lozimligi tushuntirildi.
"Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni turli baxtsiz hodisalar va yong‘indan asrab qolgan bo‘lasiz," - deyiladi murojaatda.


