Adliya vazirligi Advokatlar kasb etikasi loyihasiga munosabat bildirishi kerak
Munosabat
2023-10-23
781
Vazirlik bir vaqtlar Teatr arboblar uyushmasining xatiga munosabat bildirgan edi.
"Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonun 4-moddasiga tayanilgandi. Ko‘pchilikning joniga oro kirgandi o‘shandagi o‘rganish. Mana bu masala butun O‘zbekiston sud-huquq tizimiga o‘ta qattiq salbiy ta'sir o‘tkazadi. Kim bilan gaplashsam bu tartibdan umidsizlikka tushmoqda. KXDRda ham yo‘q bo‘lsa kerak bunday tartib?!
Butun dunyoda advokatlar turli qonunlarni qo‘llanilishi, sud amaliyoti haqida o‘z fikrlarini bildiradi. Qaysidir tartib haqida yuridik fikr kerak bo‘lsa ham jurnalistlar advokatga yuguradi. Chunki ular yuridik asoslantirib tushuntirib beradi. Ammo loyiha o‘tsa, endi bunday bo‘lmaydi.
So‘z erkinligi Konstitusiyada yoziladi, ammo amaliyotdagi mana bunday ichki xujjatlarda jamoatchilikning eng faol qatlami bo‘lgan minglab advokatlarga gapirish huquqi cheklanadi va amalda gapirishga hech kimning haqqi bo‘lmaydi. Ichki xujjatlardagi cheklov bilan konstitusiyaviy norma amalda servantdagi billur idishdek yaltirab turaveradi. Hech qachon ishlatilmaydi. U mehmonlarga ko‘z-ko‘z uchun kerak.
Keling bo‘lg‘usi vaziyatlarni tasavvur qilib ko‘raylik:
1) Advokatlar suddan chiqyapti, jurnalist fikr so‘rayapti. Advokat apellyasiyaga bermoqchiligini, sud hukmidan noroziligini aytmoqda. Bu holatda ham norozilik kayfiyatini uyg‘otgan bo‘lib qoladimi?
2) Yoki birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori (hukmi) ustidan apellyasiyada yutdi va mana adolat bo‘ldi apellyasiya zo‘r ko‘rdi, birinchi instansiya sudi qonunni noto‘g‘ri qo‘llagandi, dedi. Bu ham o‘sha bandga tushmaydimi?
3) Advokat sudda nutq irod qilyapti va u tabiiyki ayblov bilan kelishmayapti. Buyoqda OAV translyasiya qilyapti, jonli efir ketyapti. Bu holatda qanday bo‘ladi?
Nodavlat tashkilotlarni, shuningdek advokatura instituti bo‘yicha Adliya vazirligidagi mas'ul bo‘limlar buni o‘rganib chiqishi va so‘ngra vazirlik bayonoti berishi kerak. Malakali yuristlar ko‘p u yerda.
Yuqoridagi 2022 yil 10 sentyabrda berilgan bayonot kabi bu safar ham vazirlik o‘rganishi kerak. Yangi Konstitusiya 20-moddasida "Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi", deya qat'iy belgilangan.


