“Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga to‘liq tatbiq etiladi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga to‘liq tatbiq etiladi

Ekologiya

2023-11-20

478

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham har kim qulay atrof-muhitga ega bo‘lishi hamda davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi o‘z ifodasini topgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etilishi, loyiha doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish nazarda tutilganligi bu boradagi ishlarning yanada samarali tashkil etilishiga olib kelmoqda. Biroq ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosi obyektlariga nisbatan tajovuzkorona xatti-harakatlari, shu jumladan daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesilishi bilan bog‘liq holatlar umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarning qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt va buta ko‘chatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda. Daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirishga, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi qabul qilindi.

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Create a free website with Framer, the website builder loved by startups, designers and agencies.