Shavkat Mirziyoyev Qozondagi tadbirlarni yakunladi
Davlat rahbari navbatdagi uchrashuvlarni o‘tkazish uchun Moskvaga yetib keldi
Dunyo
2023-10-06
Qozon shahridagi tadbirlar doirasida Prezident “Kazan Ekspo” ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. U yerda Tataristonning yetakchi korxonalari sanoat mahsulotlari va texnologiyalari bilan tanishdi. Ko‘rgazma doirasida sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashib, sanoat sohasidagi loyihalar haqida gaplashildi.

So‘ng, Shavkat Mirziyoyev YUNЕSKOga kiritilgan “Qozon Kremli” tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi. Bu yerda Prezident Qul Sharif masjidini kirib ko‘rdi. Tatariston muftiysi Kamil Samigullin mehmonga masjid tarixi haqida so‘zlab berdi. Duo o‘qildi.

Davlat rahbari Qozon va Tatariston mitropoliti Kirill hamrohligida Blagoveshensk soborini ham ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal sohalarida va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha sheriklik loyihalarini amalga oshirish kelishib olindi.

Shu bilan davlat rahbarining Qozonga tashrifi yakunlanib, Moskva shahriga yetib keldi. “Vnukovo-2” aeroportida Prezidentni sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. 6 oktyabr kuni ikki mamlakat yetakchilari tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazadilar.



