Senatda Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Senatda Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Aloqalar
2023-10-22
486
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash prezidenti Ahmad bin Muhammad Al-Jarvon bilan muloqot o‘tkazdi.
Maʼlumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash 2017-yil 2-noyabrda Maltada tashkil etilgan. Kengashni tashkil etishdan maqsad tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini yuksaltirish, kamsitish, diniy murosasizlik, millatchilik kabi illatlarga qarshi kurashish, tinchlikka erishish uchun bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida huquqiy meʼyorlarni takomillashtirishdan iborat. Kengash bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori o‘sish surʼatlari alohida taʼkidanib, bunda davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar hal qiluvchi o‘rin tutayotgani qayd etildi.
A.Al-Jarvon bag‘rikenglik va tinchlikni mustahkamlash g‘oyalarini ilgari surish maqsadida asosan milliy parlamentlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgan o‘zi rahbarlik qilayotgan xalqaro nodavlat tashkilot haqida maʼlumot berdi.
Mamlakatimizdagi boy madaniy-tarixiy meros va ko‘p asrlik bag‘rikenglik anʼanalari, shuningdek, respublikada barcha sohalarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengashning O‘zbekiston bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani taʼkidlandi.
— Biz O‘zbekiston hozirda Markaziy Osiyodagi barcha jarayonlarda yetakchi rol o‘ynashini ham yaxshi bilamiz. Aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi tashqi siyosati ishonch inqirozini yengib o‘tish imkonini berdi va bugungi kunda O‘zbekiston rahbarining g‘oya va tashabbuslari atrofida mintaqa uchun umumiy yondashuvlar qurilmoqda, bu esa tashkilotimizning maqsadlarga hamohangdir — deya, taʼkidladi A.Al-Jarvon.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy jihatdan kengaytirishga kelishib olindi.


