Sayyohlik poyezdini ishga tushirish to'g'risida memorandum imzolandi
Jamiyat
2023-10-17
359
Memorandumga ko'ra, 2026-yil oxiridan boshlab O'zbekistonning tarixiy shaharlari bo'ylab harakatlanadigan hashamatli poyezd qatnovi ishlab chiqiladi va quriladi.
Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida “O‘zbekiston Temir Yo'llari” va Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Loyiha O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko'magida amalga oshirilmoqda.
Ushbu Memorandum "O'zbekiston temir yo'llari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari X.Raxmetov, "ARSENALE S. P.A." bosh direktori P.Barletta va Turizm qo'mitasi raisi U.Shadiyev tomonidan imzolangan. Ikkala tomon ham loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga va uning O'zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun muhimligiga ishonch bildirdi.
"Luxury Train Cruising" sayyohlik poyezdining ishga tushirilishi O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim voqea bo'lishi kutilmoqda. Loyiha butun dunyo sayyohlarining e'tiborini tortadi va ularga O'zbekistonning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarining noyob go'zalliklaridan bahramand bo'lish imkonini beradi.
Poezd yo'lovchilarga sayohat paytida maksimal qulaylikni ta'minlash uchun barcha zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan bo'ladi.
"Luxury Train Cruising" sayyohlik poyezdining ishga tushirilishi O'zbekiston hukumati tomonidan qo'llab-quvvatlandi, u ushbu loyihada turizmni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun ulkan salohiyatni ko'rmoqda.
O'zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy sayyohlik maskaniga aylanishga intilmoqda va ushbu poyezdning ishga tushirilishi ushbu maqsadga erishishda muhim qadam bo'ladi.


