Proporsional tizim bu yangi ilg‘or demokratik tajriba

Proporsional tizim bu yangi ilg‘or demokratik tajriba

Qonunchilik

2023-10-13

896

Qonun loyihasiga ko‘ra  saylovlar mojaritar, proporsional, ya'ni aralash tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi birinchi o’qishda qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Quyida biz Konstitutsiyaviy qonun loyihasi tashabbuskorlarining fikrlari bilan qiziqdik.

Shuhrat Bafayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi haqiqatan ham, bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Unga ko‘ra, saylovlar mojaritar, proporsional, ya’ni aralash tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Proporsional saylov siyosiy partiyalar o‘rtasida o‘zaro raqobatni kuchaytiradi, chunki endilikda 50 foizi partiya ro‘yxati asosida saylovlar o‘tkaziladi. Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasida o‘rin olgan deputatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy partiya bilan o‘zaro aloqadorligini kuchaytiradi. Bundan tashqari, siyosiy partiyani va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining munosabatlari ham mustahkamlanadi. Bu talablar qonun loyihasining bir qator moddalarida o‘z aksini topgan. Shuningdek, deputatning fraksiya va partiya oldidagi mas’uliyati ham ortadi. Bu esa fraksiyaviy intizomning ham kuchayishiga olib keladi.

Mavjuda Hasanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ularning huquq va manfaatlari qonun bilan himoyalanmoqda. Bugungi kunda siyosiy jarayonda opa-singillarimiz ulushi Qonunchilik palatasida 32 foizni, mahalliy Kengashlarda esa 25 foizni tashkil etmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari kafolatlab qo‘yilgan bo‘lsa, biz, deputalar birinchi o‘qishda ko‘rib chiqqan qonun loyihasida ham partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi e’tiborga molik. Bu mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash barobarida, kelgusida ayollarimizning siyosiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muxtabar Husanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Qonun loyihasi bilan quyi palata va mahalliy Kengashlari saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda saylovda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanardi, ya’ni mutlaq ko‘pchilik ovoz talab etilardi. Ushbu talab Prezident saylovlariga nisbatan to‘g‘ri qo‘llanilgan bo‘lib, bundan maqsad saylov huquqiga ega bo‘lgan mamlakat aholisining mutlaq ko‘pchiligi tanlagan shaxsgina Prezident lavozimiga munosib ko‘riladi. Bunday amaliyot aksariyat xorijiy mamlakatlarda ham mavjud.

Shu bilan birga, bir nechta saylov okruglaridan saylanadigan deputatlikka nomzodlarga nisbatan bu kabi qoidani qayta ko‘rib chiqish zarurati mavjud. Chunonchi, boshqalarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylanmas ekan, o‘sha hududdagi nisbatan ko‘pchilikning fikri va xohish istagi amalga oshmay qoladi. Shu sababli, bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.

Sanjar Hamidullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Proporsional tizim bu yangi ilg‘or demokratik tajriba bo‘lib, dunyoning ko‘plab yetuk davlatlarining intensiv, siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qilgan hamda o‘zining samaradorligini hayotda ko‘rsatgan.

Ushbu tizimning afzalligi saylov huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning siyosiy irodasini to‘liq saylov jarayonida aks ettirishga xizmat qilishidir. Ushbu tizim ko‘ppartiyaviylik hamda jamiyatda fikrlar xilma-xilligi rivojlanishiga qaratilgan.

O‘ylaymanki, O‘zbekistonning siyosiy modernizatsiyasi sharoitida bu tizim o‘z natijadorligini ko‘rsatadi va fuqarolarni saylov huquqlarini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.

Turganbay Xojanazarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Shu o‘rinda yuqorida aytilgan ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda Saylov kodeksiga saylov uchastkalarini tuzish tartibiga doir kiritilayotgan o‘zgartirishlarni qayd etish joiz.

Xususan, saylov uchastkalari hududiy saylov komissiyalari tomonidan besh yil muddatga tuzilishi, zarur bo‘lgan hollarda saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan qayta tuzilishi, amaldagi saylov uchastkalarining chegaralari o‘zgartirilishi yoki tugatilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovini o‘tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligi aks etmoqda.

Saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari uchun yagona hisoblanishi belgilanmoqda.

Albatta, bularning barchasi saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Biz bilan bog'lanish

Savol, taklif va murojaatlaringizni bizga yo'llashingiz mumkin

Create a free website with Framer, the website builder loved by startups, designers and agencies.