Probatsiya xizmati qonun bilan tartibga solinmoqda
Qonunchilik
2023-10-27
Bu tizim jamiyatdan ajratilmagan ko’rinishdagi jazo turini olgan shaxslarning nazorat faoliyati xisoblanadi.
Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “Probatsiya to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, so‘ngi yillarda mamlakatimizda ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda probatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Probatsiya xizmati huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, 2021-yilda probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan 1086 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 845 tani, 2023-yilning 9 oyida esa 353 tani tashkil qilgan.
Shu bilan birga, bugungi kunda sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish va majburiy jamoat ishlari jazolarini ijro etish, shuningdek, shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilishni tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi huquqiy bo‘shliq va ayrim hollarda ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Shu boisdan, Ushbu Qonun bilan probatsiyani amalga oshirish sohasidagi munosabatlar, jumladan probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qo‘llash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, ularga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qo‘llash masalalari tartibga solinmoqda.
Xususan, probatsiyani amalga oshirish sohasida Hukumat, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi subyektlar jumlasiga mehnat organlari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari, taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va taʼlim tashkilotlari, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari kiritilmoqda.
Shuningdek, probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularning taʼlim olishiga, kasb-hunar o‘rganishiga va ishga joylashishiga ko‘maklashish vositasida jamiyatning to‘la huquqli aʼzosiga aylanishiga qaratilgan faoliyat tartibga solinmoqda.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining vakolatlariga kirmaydigan ijtimoiy va huquqiy masalalar bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining yo‘llanmasi asosida davlat organlari tomonidan ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun elektron kuzatuv (elektron braslet) vositasini taqish va yechish hamda foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Jumladan, elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qo‘llanilishi mumkin emas.
Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi probatsiya tizimidagi huquqiy bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etishga, milliy xususiyatlar va sharoitlarni eʼtiborga olgan holda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani implementatsiya qilishga, shuningdek probatsiya amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


