O‘zbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasi
Jamiyat
2023-10-18
456
Uchrashuv Senat va BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda milliy gender strategiyasini amalga oshirish va gender tenglikka erishish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Unda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot Dasturi, Yetakchi ayollar muloqoti platformasi aʼzolari, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasi” xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini oshirish, rahbar ayollar safini yana-da kengaytirish, ularning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda yosh qizlarni rahbarlikka tayyorlash, gender tenglik muammolarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Platforma faoliyati har bir hududdagi xotin-qizlarning tadbirkorlik, ilm-fan, axborot texnologiyalari, media, sport va madaniyat kabi sohalardagi asosiy muammolarini aniqlab, imkoniyati cheklangan yetakchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tengsizlikni keltirib chiqaradigan gender stereotiplar va noo‘rin ijtimoiy meʼyorlarga chek qo‘yilishiga yordam beradi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan platformani ishlatish va undan samarali foydalanish hamda kelgusida uni yana-da takomillashtirib borish yuzasidan maʼlumotlar berilib, platforma taqdimot qilindi.
Jumladan, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova platforma aʼzolarining asosiy vazifalari har bir hududdagi xotin-qizlarning tadbirkorlik, ilm-fan, axborot texnologiyalari, sport va madaniyat, OAV kabi sohalardagi asosiy muammolarini aniqlashdan iborat ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, senator imkoniyati cheklangan yetakchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda, gender asosidagi zo‘ravonlik va tengsizlikni keltirib chiqaradigan gender stereotiplari va noo‘rin ijtimoiy meʼyorlarga chek qo‘yilishiga yordam berishda, har bir hududdagi xotin-qizlarning holatini tubdan yaxshilashga ko‘maklashishga qaratilgan davlat organlari uchun dasturlar ishlab chiqishda platformaning ahamiyati yuqori ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Tadbirda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha ijro etuvchi Anas Fayyad Qarman yetakchi ayollarning salohiyatini yuksaltirishda, xususan, siyosiy partiyalarda gender tamoyillarini kuchaytirish, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, yetakchi ayollarning notiqlik madaniyatini hamda aholi bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini oshirishda BMTTD amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Tadbir davomida xotin-qizlarni yangicha yondashuv, g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlariga ko‘mak berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash, mazkur jarayonlarda “O‘zbekiston yetakchi faol ayollar muloqoti platformasi”ning o‘rni va roli masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.


