Milliy investitsiya jamg‘armasiga asos solinadi
Iqtisodiyot
2024-08-27
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorga muvofiq, mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi.
Tuzilma ustav kapitalini shakllantirish uchun davlat ulushi o‘tkaziladigan korxona va tijorat banklarining (jami 18 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.
Yangi jamg‘arma aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi va aksiyalari ommaviy joylashtirilgunga qadar uning yagona aksiyadori O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘ladi.
Milliy investitsiya jamg‘armasining 2030-yilgacha investitsiya aktivlari sof foydasining kamida 50 foizi tegishli yil yakunlariga ko‘ra dividendlar to‘lashga yo‘naltiriladi.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- Jamg‘arma sof aktivlarining bozor qiymatini oshirish;
- Jamg‘arma aksiyalarini yetakchi xorijiy fond birjasida joylashtirish;
- Jamg‘arma aktivlariga investitsiyalarni jalb qilish hamda ularni xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish uchun yetakchi xalqaro institutsional investorlarni jalb qilish;
- Jamg‘arma investitsiya aktivlarida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tish, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) standartlarini joriy etishda ishtirok etish.


