Millatni bu kabi holatlardan qutqarmay turib, islohotlarni to‘liq amalga oshirish imkonsiz
Millatni bu kabi holatlardan qutqarmay turib, islohotlarni to‘liq amalga oshirish imkonsiz
Munosabat
2023-10-10
397
Bugun Toshkent shahrida UNICEF ishtirokida zo‘ravonlikka uchragan bolalar masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Jurnalist Zafarbek Solijonov davlatning bu boradagi harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Daxshatli statistika: O‘zbekistonda 2023 yilning 9 oyida 166 nafar bola o‘z qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan.
Bugun Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va UNICEF ishtirokida zo‘ravonlikka uchragan bolalar masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Aytilishicha, O‘zbekistonda 2023 yilning atigi 9 oyi davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan 1240 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Ulardan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlik holatlaridir.
“Afsuski, oilada yoki ta'lim va boshqa muassasalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faktlarini bila turib, odamlar ko‘p hollarda bolaning taqdiriga befarq bo‘lishadi” — dedi Shahnoza Mirziyoeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan chora-tadbirlarni keskin kuchaytirish zarur.
Bundan tashqari, faktlarni yashirish yoki zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarga javob bermaslik holatlarida mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish kerakligi aytildi.
Ushbu holatlarni oldini olish uchun “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi maxsus qonun ishlab chiqilmoqda.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab qizlar va o‘g‘il bolalar uchun oilaviy maslahatlar, ruhiy salomatlik va ruhiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hayotiy ko‘nikmalarga o‘rgatish va xavfsiz uy-joydan foydalanish imkonini berish, farovonlikni ta'minlash va zo‘ravonlik, qo‘rquv hamda zarardan himoya qilish kabi xavfsizlik choralari qo‘llanadi.
Millatni bu kabi holatlardan qutqarmay turib, islohotlarni to‘liq amalga oshirish imkonsiz. Davlatning ushbu tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Aniq yo‘nalishlarga o‘tilayotganini olqishlayman.
Zafarbek Solijonov


