Ishchi guruhning o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlari davom etadi
Aloqalar
2023-10-13
523
Ayni damda Qahramon Quranboyev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi a'zolari Novosibirsk viloyatidagi “Хилокс” dehqon bozoriga tashrif buyurib, 300 dan ortiq o‘zbekistonlik sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi mehnat muhojirlari bilan suhbatlashilib ularning muammolari o‘rgandi.
Vatandoshlar bilan muloqotda ularning aksariyati ishlashga ruxsatnomasiz (patentsiz) faoliyat yuritayotganligi, mehnat qonunchiligi bo‘yicha yetarli tushunchaga ega emasligi aniqlandi. Shu munosabat bilan, Ishchi guruhi tarkibida bo‘lgan Adliya vazirligi mas'ul xodimi tomonidan huquqiy targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi.
Kunning ikkinchi yarmida Novosibirsk davlat universitetida tahsil olayotgan 60 nafar o‘zbekistonlik talaba, universitet yangi binosi qurilishida ishlayotgan 780 nafar vatandosh bilan uchrashuv o‘tkazilib, ko‘makka ehtiyoji bor 24 nafar vatandoshimizning muammosi joyida hal etildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonga qaytib mehnat faoliyatini yuritish istagini bildirgan 15 nafar yosh mahalliy ish beruvchilar bilan kelishilib, ishga qabul qilindi. Undan tashqari 9 nafar talabalaga sifatli ta'lim olishi uchun noutbuk olib berilib ta'lim to‘lovlari to‘lab berildi.
Shu bilan birga, Novosibirsk shahridagi “Do‘stlik uyi” madaniyat saroyida o‘zbekistonlik 300 nafardan ortiq talaba-yoshlar va mehnat migrantlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, Qahramon Quranboev boshchiligidagi delegasiya Novosibirsk shahridagi xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida hamda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari istiqomat qiladigan yotoqxonalarda bo‘lib, u yerda istiqomat qilayotgan 100 nafardan ortiq hamyurtlarimiz bilan ochiq muloqot o‘tkazgan edi.


