Ishchi guruh milliy dastur loyihasini ko‘rib chiqdi
Qonunchilik
2023-10-26
2023-yil 26-oktabr kuni Senatning qo‘mitalari ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda qabul qilingan Farmoniga asosan tasdiqlangan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturining 29-bandi ijrosi yuzasidan Oliy Majlis palatalari tomonidan ishlab chiqilgan Qonun ijodkorligi faoliyati bo‘yicha milliy dastur loyihasi muhokama qilindi.
Unda senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar, ilmiy jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati bo‘yicha milliy dasturdan ko‘zlangan maqsad – ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani to‘liq amalga oshirish hamda “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasida belgilangan iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishining qonunchilik asoslarini takomillashtirish hisoblanadi.
Shu bois ishchi guruh aʼzolari qonun ijodkorligining hozirgi holatini, uni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini, shuningdek, milliy dasturning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini batafsil muhokama qildi.
Muhokama doirasida milliy dastur loyihasidagi 7 ta asosiy yo‘nalishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, birinchi yo‘nalish – milliy parlamentarizm va davlat vakillik hokimiyati tizimining huquqiy asoslarini kuchaytirish;
ikkinchi yo‘nalish – rivojlangan demokratik mamlakatlar amaliyotiga tayangan holda qonun loyihalarini tayyorlash va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishida yagona amaliyotni shakllantirish;
uchinchi yo‘nalish – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini taʼminlaydigan qonunchilikni rivojlantirish;
to‘rtinchi yo‘nalish – iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish;
beshinchi yo‘nalish – sud-huquq sohasida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini rivojlantirish;
oltinchi yo‘nalish – atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni tartibga soluvchi huquqiy asoslarini yana-da rivojlantirish;
yettinchi yo‘nalish – xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish mexanizmini ishlab chiqishdir.
Qonun ijodkorligi faoliyati bo‘yicha milliy dastur doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar qabul qilinishi va boshqa ijobiy natijalar qayd etilishi senatorlar tomonidan taʼkidlab o‘tildi.
Yig‘ilish davomida senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar va ilmiy jamoatchilik vakillari tomonidan milliy dastur loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.


