Elektr energiya xarajatlarini kamaytirishdan butun jamiyat manfaatdor
Dunyo
2023-10-05
Deputat Nodir Tilavoldiyev aholining turmush sharoiti yaxshilanishi bilan energoresurslarga bo‘lgan talabi oshib borishini, bunday holda energiya resurslari sarfini aniq va to‘g‘ri hisoblaydigan, zamonaviy hamda innovatsion yechimlarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidlab o’tdi.
Energetika har qanday ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishining asosiy manbai hisoblanadi. Boisi ishlab chiqarish ko‘lamining ortishi, aholining turmush sharoiti yaxshilanishi bilan aholining energoresurslarga bo‘lgan talabi oshib boradi.
Energetika sanoat o‘sishining 50 foizini ta’minlash bilan birga umumiy ishlab chiqarish xajmining o‘ndan birini tashkil etadi. Energiya iste’molining o‘sishi iqtisodiy o‘sish mamlakat yalpi ichki mahsulotining oshishiga olib keladi.
Yurtimizda so‘nggi 5 yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi 61 mlrd kVt soatdan 72 mlrd kVt soatga yoki 1,2 barobarga oshdi. Bunda aholi iste’moli uchun yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt soatdan 16 mlrd kVt soatgacha yoki 1,5 barobarga o‘sdi. Sanoat korxonalari soni 2 barobar ko‘payib, 100 mingtaga yetgan bo‘lsa, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga ko‘paydi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollarga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Elektr energiyasi bozori hozirgi paytda butun dunyoda eng ko‘p kapital talab etuvchi bozorlardan biridir. Mamlakatimizda energiya narxlari hukumatning sa’y-harakatlari, aniqrog‘i, ajratilayotgan subsidiyalar evaziga ushlab turilgani bilan uning tannarxi muttasil o‘smoqda.
Axolining ijtimoiy himoyalash maqsadida elektr energiya narxi o‘z tannarxidan ham arzon narxda aholiga yetkazib berilishi, energiyadan noqonuniy foydalanishlar, energiya narxining arzonligi sababli isrofgarchilik ortib borishi tufayli O‘zbekistonning elektr energiyasi, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish va ko‘mir qazib olish sohasida faoliyat yurituvchi aksariyat energetika kompaniyalari zarar ko‘rib ishlamoqda.
Sohada bozor munosabatlarining joriy etilmagani bois mavjud energo tizimni modernizatsiya qilish, sohaga investitsiyalarni jalb etishni imkonsiz qilib qo‘ymoqda.
Xalqimizda “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” degan maqol bor. Biz nafaqat o‘z oilaviy budjetimiz, balki butun mamlakat iqtisodiyoti va kelajagiga ta’sir qiluvchi bu muhim masalaga aksariyat hollarda shunchaki e’tiborsizlik bilan qaraymiz.
Narxlar oshishi oila budjetimizga ta’sir qilmasligining yagona yo‘li – biz hammamiz uni nazorat qilishga, shu orqali tejashga o‘rganishimiz lozim. Elektr energiya xarajatlarini kamaytirishdan eng avvalo yakuniy iste’molchining o‘zi, davlat, qolaversa ekologiyaga zararning kamayishi natijasida butun jamiyat ham manfaatdordir.
Hozir dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bu borada alohida tizim shakllangan. Masalan, Yevropada “energetik menejment” degan tushuncha bo‘lib, uy xo‘jaliklari energiya resurslarini sarflashda turli zamonaviy vositalar va usullardan foydalanishadi. Turli-tuman tariflar, energiya tejash dasturlari, “qimmat energiya soatlari”da uni kamroq ishlatish, uydagi energiya sarfini real vaqt rejimida ko‘rib turish singari instrumentlar tobora ommalashib bormoqda.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, respondentlarning 50 foizdan ortig‘i o‘z xonadonida bir oyda qancha elektr energiyasi sarflanishi haqida bilmaydi. Rivojlangan mamlakatlarda esa energiya resurslari sarfini uy xo‘jaliklari darajasida qat’iy nazorat qilish, “energetik menejment”ni oila budjetining asosiy shartiga aylantirish, bu jarayonga “aqlli monitoring” usullarini faol joriy qilish orqali mamlakat miqyosida 30-40 foizgacha tejamkorlikka erishish mumkinligi allaqachon isbotlangan.
Shu nuqtai nazardan, bu borada eng avvalo, barchamiz “Bir oyda qancha gaz, qancha elektr energiyasi yoqyapmiz, qancha suv ishlatyapmiz?”, degan savolga aniq javobga ega bo‘lishimiz kerak. Shuningdek, energiya resurslari sarfini aniq va to‘g‘ri hisoblaydigan, zamonaviy hamda innovatsion yechimlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq.
Muxtasar aytganda, bugun barchamiz uchun “energetik menejment”ga o‘rganish vaqti keldi. Demak, har birimiz tunu kun shunchaki yoniq turadigan chiroqlarni o‘chirib yurishga o‘rganishimiz kerak. Bu ishlar bizdan mablag‘ so‘ramaydi, shunchaki bizdan bir oz mas’uliyatli bo‘lishni talab etadi, xolos.


