Bozor narxlari haqida fermerlar ozod etilgach, jiddiy gapirish mumkin
Munosabat
2023-10-20
496
Iqtisodchi Otabek Bakirov paxta narxini erkinlashtirish masalasiga to‘xtaldi.
Vazir Voitovning O‘zbekistonda paxta narxini erkin bozor belgilashini yana bir bor ta'kidlagani xursand qiladi. Demak niyat jiddiy.
Faqat qarz qilingan xizmatkor va xo‘jayin, oyog‘i bog‘liq krepostnoy va feodal, haqsiz qul va quldor o‘rtasida erkin narx qanday shakllanishini hech qursa nazariy jihatdan tushuntirib berilsa, ko‘p savollarga aniqlik kiritilgan bo‘lardi.
Vazirimiz tilga olgan erkin bozor fermer paxtasini u bog‘lab berilgan klasterga sotmaslik huquqini ham kafolatlaydimi? Axir erkin narxda sotmaslik ixtiyori ham mavjud.
Vazir tilga olgan erkin bozor narxining fermer umrida ko‘rmagan va ko‘rmaydigan Nьyu-york birjasidagi tola narxidan kelib chiqib cho‘tga solingan formulaga nima aloqasi bor? Qachondan boshlab erkin narx formula bilan belgilanadigan bo‘ldi? Axir fermer tola emas, xom paxta sotadi. Qachon ko‘rgansiz, neftchilar neftь narxini benzinga bog‘lab formula bilan sotganini. Siz cho‘tga solgan, yumshoq kresloda o‘tirib hisoblangan 8 ming so‘m paxta narxi emas. Paxta narxi ochiq bozorda, xususan sotuvchisiyam, oluvchisiyam erkin bo‘lgan birjada aniqlanadi.
Yanvardagi qaror haqida tinimsiz eslatasiz. Lekin yanvardagi qarorda paxta narxi oktyabrga kelib, fermer qimmatlashtirilgan urug‘lik, yoqilg‘i, o‘g‘it, texnika xizmatidan bo‘g‘zigacha qarz bo‘lib ulgurgan oktyabrda narx belgilansin deyilmagan. Qarorning 2- bandini boshqatdan o‘qing! Sizning sevimli klasterlaringiz fermerlarga fevralda 1 kilo paxtani 6500 so‘mdan olaman deganda fermerlar paxta ekishga kirishgan bo‘lisharmidi? Tan olinglar, bila turib, fermerlarni tom ma'noda aldanishiga yo‘l qo‘yib berdinglar.
Darvoqe, o‘sha qarorga ko‘ra 2024 yil hosili uchun 2023 yil 1 oktyabrgacha shartnomalar tuzilishi kerak. Bugun 20 oktyabrь. Nega bu haqda indamaysiz? 2024 yil hosili uchun nechta klaster nechta fermer bilan, qaysi narxlarda shartnoma qildi?
Sizdan hech kim subsidiya ham, imtiyoz ham so‘rayotgani yo‘q. Do‘st birodar klasterlaringizni majburlang ham deyilayotgani yo‘q. O‘zlaringiz belgilagan qoidalarga o‘zlaringiz amal qiling. Bo‘ldi. Fermerga bundan ortig‘i kerakmas.
Qolganini siz niyat qilib aytganingizdek erkin bozor hal qilib beradi.


